TOShKENT, 2 dek – Sputnik. Dunyoning eng kuchli pasportlari reytingida O‘zbekiston pasporti besh pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi, deb xabar qilmoqda Passport Index. 2017-yilda 73 o‘rinda bo‘lgan O‘zbekiston pasporti bu yil 68 o‘ringa ko‘tarilgan.
Ayni damda O‘zbekiston fuqarolari vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lgan mamlakatlar soni 63 taga yetgan. O‘tgan yil ushbu ko‘rsatgich 54ta mamlakatni tashkil qilar edi. O‘zbekistonliklar vizasiz borishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar qatoriga qo‘yidagilar qo‘shilgan: Kuba, Kot d-Ivuar, Gabon, Efiopiya, Tailand, Tojikiston, Ruanda, Qatar va Myanma.
Passport Index ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yilda eng kuchli pasport – Birlashgan Arab amirliklariga qarashli. Ushbu mamlakat fuqarolari 167 ta mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega.
Ikkinchi o‘rinda – Singapur va Germaniya. Ushbu mamlakat fuqarolari 166 mamlakatga vizasiz borishlari mumkin.
Eng so‘nggi o‘rinda esa – Afg‘oniston. Ushbu mamlakat fuqarolari 29 mamlakatga vizasiz borishlari mumkin.