TOShKENT, 2 dek - Sputnik. Moskva shahrida sport jurnalistikasiga bag‘ishlangan «Energiya pobed» VIII Butunrossiya festival-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik Anvar Ilyasov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, o‘zbekistonlik fotojurnalist Anvar Ilyasov tanlovning"Rus tilida faoliyat olib boradigan xorijiy OAVdagi eng yaxshi fotoreportaj" yo‘nalishi bo‘yicha uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Tanlovning 1 o‘rini "Spacesuit Media" fotoagentligi vakili Sergey Savrasovga, ikkinchi o‘rin "Frans-Press" axborot agentligi xodimi Kirill Kudravsevga berilgan.
Ushbu tanlov Rossiya Milliy olimpiya qo‘mitasi, Rossiya sport jurnalistlari federatsiyasi va «Gazprom» kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun, Anvar Ilyasov 40-yildan buyon fotojurnalistika sohasida faoliyat olib boradi. 2000-yildan boshlab u 5 ta Olimpiada, 5 ta Osiyo o‘yinlarida fotosuratchi sifatida ishlagan. Shuningdek, dzudo, sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatlari, futbol uchrashuvlarida sportchilarimizning turli holatlari, quvonchli onlari aks etgan suratlarni tarixga muxrlagan.
Anvar Ilyasov ushbu tanlov uchun jo‘natilgan suratlardan ba’zilarini quyida tomosha qilishingiz mumkin.