Signaldan so‘ng Mudofaa vazirligi markaziy apparati, barcha harbiy okrug va bo‘linmalarda zarur tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Harbiy poligonlarda bir nechta maxsus-taktik mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Chirchiq dala o‘quv maydonida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda havo-desantchilari, artilleriyachilar, motoo‘qchilar, tankchilar, maxsus operatsiya kuchlari hamda Harbiy havo kuchlari bo‘linmalari qatnashdi.
Shartli dushman bazalariga va u joylashgan hududlarga harbiy havo kuchlari tarkibidagi qiruvchi samolyotlar va vertolotlardan zarbalar berildi.
Shundan keyin jang maydonida zirhli qalqon tankchilar bo‘linmasi paydo bo‘ldi. Ular tank biatlonida qo‘llaniladigan “Suvli to‘siq”, “Eskarp” va “Tirsakli ko‘prik”dan moxirona o‘tib, belgilangan marrani egalladi.
Mudofaa operatsiyasini olib borish jarayonida, shartli og‘ir yaralangan harbiy xizmatchilarni jang maydonidan olib chiqish, vertolotda evakuatsiya qilish jarayoni namoyish etildi.