TOShKENT, 25 noya - Sputnik. Kecha, 24-noyabr kuni Gruziyaning Batumi shahridagi kazinolardan birida sodir bo‘lgan jinoyat oqibatida bir o‘zbekistonlik ayol o‘ldirildi, yana biri jarohatlandi, deya xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati.
Vaziyatga oydinlik kiritish uchun O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi konsullik bo‘limi Gruziya IIV bilan bog‘landi. U yerda voqeaning yuz berganini tasdiqlashdi. 1987-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi I.Ziyodullayeva shifoxonaga olib borilayotganda vafot etgan, 1980-yilda tug‘ilgan X.Mahkamova esa jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, ayollarga pichoq bilan hamla qilgan Turkiya fuqarosi L.Kulturk jinoyat joyida qo‘lga olingan va unga qarshi Gruzya jinoyat kodeksining "qasddan odam o‘ldirish" moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.