TOShKENT, 12 noya - Sputnik. Toshkent-Moskva yo‘nalishidagi yangi poyezd qatnovi 2018-yilning 14-dekabr sanasidan boshlab yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu poyezd Qoraqalpog‘iston hududi orqali harakat qiladi, deb xabar qildi “O‘zbekiston temir yo‘llar” matbuot xizmati.
Rossiya temir yo‘llari bron qilish tizimida “Moskva - Qoraqalpog‘iston” yo‘nalishi bo‘yicha chipta xarid qilish mumkin. Plaskart vagondagi chipta narxi 9 394 rubldan, kupe vagon narxi esa 13 518 rubldan boshlanadi.
Poyezd Qozon vokzalidan seshanba kunlari yo‘lga chiqadi va Qoraqalpog‘iston stansiyasiga ikki kunda yetib keladi. "Qoraqalpog‘iston" temir yo‘l stansiyasi O‘zbekistonning shimoli - g‘arbida Qozog‘istonning Beyneu shahridan 101 km masofda joylashgan.
Bir necha kun oldin "O‘zbekiston temir yo‘llari" ushbu yilning 8-dekabridan Rossiyaning Qozon shahriga poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yganini xabar qilgan edik.