TOShKENT, 10 noya - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mustaqil O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedovni "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotladi, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati vakili.
Iste’fodagi general-polkovnik Rustam Axmedovga orden 75-yillik yubileyi kuni O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, O‘zbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirganligi uchun berilgan.
Mudofaa vazirligi markaziy apparatida ushbu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda O‘zbekiston prezidenti tomonidan yo‘llangan tabrik maktubini O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov o‘qib eshittirgan.
Tantanali marosimda MDHga a’zo mamlakatlardan vakillar, jumladan, Rossiya Federatsiyasidan iste’fodagi general-leytenant Gennadiy Borisov, Qirg‘iziston Respublikasidan iste’fodagi general-mayor Risbek Mirzamatov, polkovnik Janibek Kaparov hamda polkovnik Erkin Osmanov ishtirok etib, yubiley egasini qutlug‘ 75 yosh bilan muborakbod etdilar.
Rustam O‘rmanovich Axmedov 1943-yilda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tug‘ilgan. Qo‘qon shahridagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va elektrifikatsiyalash texnikumini tamomlagan. 1962—1965 yillar davomida Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtida tahsil olgan.
Xizmat faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari bo‘yicha vazir — milliy gvardiya qo‘mondoni (1991 yil), O‘zbekiston mudofaa vaziri (1992—1997 yy.), O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri (1997—1998 yy.) lavozimlarida xizmat qilgan.
2018 yilning yanvar oyidaO‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan, mudofaa vazirining maslahatchisi etib tayinlangan va hozirgi kunda ushbu lavozimda faoliyat ko‘rsatmoqda.