TAShKENT, 3 noya - Sputnik. Kelib chiqishi O‘zbekistondan bo‘lgan Alisher ismli yigit Rossiya estradasining primadonnasi hisoblangan Alla Pugacheva bilan klip suratga oldi.
Gazeta.ru yozishiga qaraganda, Alisher dastlab fotomodel bo‘lgan. U mashhur modelyer Slava Zaysevning modalar uyida ishlagan. Keyinchalik o‘zi mustaqil modelyer bo‘lib tez orada Bouton modalar uyining art-direktori lavozimini egallagan. Alla Pugacheva uning mashhur mijozlaridan eng birinchisi bo‘lgan. Alisher shuningdek, Kristina Orbakayte, Masha Rasputina, Filipp Kirkorov, Jasmin,Sofiya Rotaru, Anita Soy, Natasha Koroleva, Irina Saltikova, Anastasiya Stoskaya kabi estrada yulduzlarini ham kiyintirgan.
Gazeta yozishiga ko‘ra, Alisherning sahnaga chiqishiga va xonandalik talantini namoyon qilishga aynan Alla Pugacheva yordam bergan.
Bugungi kunda Alisher Moskvadagi turli tadbirlarda va turli klublar sahnalarida o‘z qo‘shiqlarini ijro etib kelmoqda. Alisher Nargis Zokirova hamda Yekaterina Varnavalar bilan birgalikda qo‘shiqlar ijro etgan.
Haqiqatdan ham sartarosh, stilist kabi kasb egalari orasida talantli xonandalar ko‘p bo‘lsa kerak. Maslan, Sergey Zverev ismli rossiyalik xonanda ham dastlab sartarosh bo‘lgan ekan. Vlad Lisoves - avval mashhur sartarosh, keyin - teleboshlovchi. Olga Buzova - avval stilist, modelyer, keyin - teleboshlovchi, qo‘shiq ham aytib turadi.
Aytmoqchi, O‘zbekfilmning "Maftuningman" kinosida ham talantli sartarosh qo‘shig‘i esingizdami? Jon bilan dilim - san’at, o‘zim - sartarosh...