TOShKENT, 2 noya – Sputnik. Rossiya Ukraina sanksiyalari kiritilishiga javoban maxsus iqtisodiy choralarni kiritdi, ular 322 nafar shaxs va 68 yuridik shaxsga nisbatan qo‘llanildi.
Sanksiya ro‘yxatiga Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov, SBU rahbari Vasiliy Gritsak, mudofaa vaziri Stepan Poltorak, radikallar Dmitriy Yarosh va Oleg Lyashko, sobiq bosh vazirlar – Yuliya Timoshenko va Arseniy Yatsenyuk kiritildi.
RF bosh vaziri Dmitriy Medvedev Ukraina tomonidan Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarga javob choralari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Qaror davlat hukumati saytida e’lon qilindi.
“Sanksiyalar 322 nafar shaxs va 68 yuridik shaxsga nisbatan qo‘llaniladi. Qaror Ukraina tomonidan Rossiya fuqarolari va yuridik shaxslariga qarshi nodo‘stona harakatlar amalga oshirilayotganiga qarshi kurashishga hamda ikki tomonlama aloqalarni normallashtirishga qaratilgan”, - deyiladi hujjat matnida.
Ta’kidlanishicha, hujjatga muvofiq Rossiya hududida naqd bo‘lmagan mablag‘lar, hujjatsiz qimmatli qog‘ozlar va mulkni bloklashni nazarda tutuvchi maxsus iqtisodiy choralar joriy etiladi, shuningdek, Rossiya tashqarisiga mablag‘larni o‘tkazish taqiqlanadi.