TOShKENT, 25 okt - Sputnik. Mudofaa vazirligi xodimlarini Toshkent shahriga doimiy propiska qilish tartibi o‘zgardi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga Mudofaa vazirligi matbuot-xizmati.
"2018 yil 24-sentabrda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining "Rahbarlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xodimlarni doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qaror qabul qilindi", - deyiladi xabarda.
Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamda ishchi va xizmatchilarini doimiy propiska qilish to‘g‘risida ichki ishlar organlariga iltimosnoma kiritish vakolati mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari zimmasiga yuklangan.
Ushbu qaror ijrosiga qaratilgan mudofaa vazirining buyrug‘ida faqat yuqori malakali va tor ixtisoslikdagi harbiy xizmatchilar hamda ishchi va xizmatchilarni lavozimda turadigan davrga propiska qilinishi lozimligiga e’tibor qaratilishi ta’kidlangan.
Propiska qilish uchun asoslanmagan iltimosnomalar kiritgan, shuningdek, harbiy xizmatchilar hamda ishchi va xizmatchilarning lavozimdan ozod qilinganligi, boshqa ishga o‘tganligi yoki pensiyaga chiqqanligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar bermagan komandir va boshliqlar bunga shaxsan javobgar bo‘lishi ogohlantirilgan.
Qayd etilishicha, doimiy propiska qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma tegishli hujjatlar bilan birga qat’iy ravishda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi orqali kiritiladi.