TOShKENT, 23 okt - Sputnik. Bugun, 23-oktabr kuni "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida O‘zbekiston-AQSh biznes-forumi o‘tkazildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Biznes-forumda 2,5 milliard dollarlik jami 12 bitim imzolandi.
Biznes-forumi doirasida gazni qayta ishlash, Jizzax viloyatida tekstil klasterini tashkil qilish, “Koka-Kola O‘zbekiston” QK modernizatsiya va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, “Dori-darmon” apteka tarmog‘ini AQSh kompaniyasiga o‘tkazish, kasalliklarni aniqlash uchun tashhis test tizimlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, pul banknotalarini chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilish, ilg‘or to‘lov texnologiyalarni tatbiq etish sohasida hamkorlik qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh investitsiyalarini jalb qilish sohasida hamkorlik qilish, “Toshkent qishloq xo‘jalik texnikasi zavodi” bazasida qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonani tashkil qilish va traktorlarni yetkazish haqida bitimlar imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga kelgan Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Joriy yil boshidan O‘zbekistonda AQSh investitsiyalari ishtirokida 25 yangi korxona tashkil etildi, o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘paydi.