TOShKENT, 20 okt - Sputnik. Oltmish bir yoshida Tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Rustam To‘xtaboyev vafot etdi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.
"O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparati va chet eldagi vakolatxonasi jamoasi chuqur qayg‘u ila 2018-yilning 20-oktabr kuni 61 yoshida tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Rustam Asqarovich To‘xtaboyevning vafot etganini bildiradi hamda marhumning oilasiga va yaqinlariga chuqur hamdardlik va samimiy dalda so‘zlarini izhor etadi", - deyiladi xabarda.
Rustam To‘xtaboyev Toshkentda tug‘ilgan, 1980-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan, mutaxassisligi bo‘yicha filolog-sharqshunos, 1986-yilga qadar oliygohda ta’lim bergan, so‘ngra chet eldagi vatandoshlar bilan O‘zbek do‘stlik va madaniy aloqalar jamiyatida faoliyat yuritgan, 1996-yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti apparatida davlatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha bosh maslahatchi lavozimiga tayinlangan.
TIVdagi birinchi lavozim - axborot-tahliliy boshqarma rahbari o‘rinbosari lavozimiga 2000-yilda tayinlangan, 2005-yilda vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan. 2004-yilda "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlangan.