TOShKENT, 20 okt - Sputnik. Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti va Rossiyaning A.S. Pushkin nomidagi rus tili davlat instituti hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzoladilar.
Hujjat Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolandi.
A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti rektori Nargiz Raxmankulova va .S. Pushkin nomidagi rus tili davlat instituti rektori Margarita Ruseskaya hujjatga o‘z imzolarini qo‘ydilar.
Imzolangan hujjat doirasida ta’lim muassasalarining rus tili o‘qituvchilarini tayyorlash va rus tilini o‘qitish hamda targ‘ib etish uchun qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Jumladan, tomonlar rus tilini o‘qitish bo‘yicha ta’lim-metodik materiallar ishlab chiqish va moslashtirish uchun qo‘shma mualliflar jamoalari tuzishadi. Tashkilotlar kelgusida ilmiy va amaliy tajriba almashishga kelishib oldilar.
O‘quv muassasalari rus tilini o‘qitish, innovatsion pedagogik texnologiyalar va boshqa mavzularga bag‘ishlangan ta’lim, ilmiy-tadqiqot, maslahat seminarlar, konferensiyalar, vebinarlar, forumlar va turli kurslar tashkil etishga kelishib olishdi.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi o‘qituvchilarning O‘zbekistonda va Rossiyada amaliyot o‘tishlari va malaka oshirishini tashkil etish bo‘ladi. Bu pedagoglarning mahoratini oshirish, rus tilini o‘qitish bo‘yicha tajribalarni o‘rganish va ta’lim jarayoniga joriy etishga ko‘mak beradi.
Tomonlar rus tilini mavqeyini saqlab qolish, uni o‘qitilishi va o‘rganilishini mustahkamlash maqsadida madaniy-ta’lim va ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etishni rejalashtirdilar.