TOShKENT, 18 okt – Sputnik. Bugun Samarqandda avtobuslar yo‘lovchilarga bepul xizmat qilmoqda, deb xabar qildi “Zarafshon” nashri.
“Bugun, 18-oktabr - Samarqand shahri kunining ommaviy sayil tarzida o‘tishi, qolaversa, Samarqand mehmonlari va samarqandliklarga bayramga tuhfa hamda ularga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston avtomobil transport agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi yo‘lovchilarga imtiyoz joriy qildi”, - deyilgan xabarda.
“Samarqand shahridagi barcha yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar bugun ertalabdan kechgacha yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatadi. Maqsadimiz - shahrimiz aholisiga bayram kayfiyati ulashish”, - deb boshqarma xodimi Sherali Ne’matovning so‘zlarini keltirgan nashr.
Eslatib o‘tamiz, “Samarqand shahri kuni” bayrami 1996-yil 18-oktabrda, Amir Temur tavalludining 660-yilligiga bag‘ishlangan tantanada, O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan belgilangan edi. Samarqand shahri 3000-yildan ortiq vaqt mobaynida O‘rta Osiyoda ilm, savdo-sotiq va hunarmandchilikning yirik markazlaridan biri hisoblanadi.