TOShKENT, 17 okt – Sputnik. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018-yil 16-sentabrda “Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning miqdor normalariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 828-son qarori qabul qilindi.
Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu hujjat bilan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi 463-son qaroriga tegishli o‘zgartirish kiritildi.
Ya’ni, endilikda O‘zbekiston Davlat chegarasining avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning davriyligi o‘zgardi.
Ro‘yxatdan o‘rin olgan 20 turdagi maishiy texnika buyumlari, ofis texnikalari va boshqa jihozlarni endilikda har 6 oyda chegarani birinchi marotaba kesib o‘tayotganda faqat 1 donadan olib kirish mumkin.
Boshqa turdagi tovarlarni esa 1 kalendar oyda 1 marotaba har bir nomdagi tovardan 2 kg.gacha (bo‘linmaydigan tovarlar bundan mustasno) olib kirishga ruxsat etiladi. Ammo, mazkur tovarlarning umumiy og‘irligi 10 kg.dan oshmasligi kerak.