TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Donald Tramp Nikki Xeyli nega AQShning BMTdagi doimiy vakili lavozimini tark etayotgani borasida izoh berar ekan, ushbu qaror ancha vaqt oldin qabul qilinganini aytgan. RIA Novosti xabari asosida.
Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Xeyli uni taxminan olti oy oldin, yil oxirida ozroq hordiq chiqarishi kerakligi to‘g‘risida ogohlantirgan. Aynan shu vaqtda u egallab turgan lavozimini tark etadi, deb aniqlik kiritgan u.
Tramp, shuningdek, Xeyli kelajakda prezident administratsiyasiga boshqa lavozimga qaytishiga umid bildirgan.
Axios nashrining o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Xeyli o‘tgan haftada Oq uyda Tramp bilan o‘zining iste’fosi masalasini muhokama qilgan. Administratsiyaning ko‘plab xodimlari bu xabarni hayrat ila qabul qildilar, deb yozgan portal.
Xeyli AQShning BMTdagi doimiy vakili lavozimini o‘tgan yilning 27-yanvaridan egallab keladi. Bu lavozim vazir rangiga teng, shu bois Xeyli Tramp boshqaruvidagi kabinet a’zolaridan biri hisoblanadi.
Tramp, shuningdek, AQShning BMTdagi yangi doimiy vakiliga nomzod sifatida Dina Pauell nomzodini ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan.