TOShKENT, 9 okt – Sputnik. “O‘zbekneftgaz” AJ Hindistonning yirik neft-gaz korporatsiyasi hisoblanmish ONGCning ONGC Videsh Limited sho‘’ba kompaniyasi bilan hamkorlik bitimini imzoladi, deb xabar qildi ushbu kompaniya matbuot xizmati.
Nyu-Delida o‘tkazilgan ko‘rgazmada “O‘zbekneftgaz” AJ vakili ONGC Videsh Limited kompaniyasining geologik qidiruv ishlari bo‘yicha direktori Sudxir Sharma bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston va xorijdagi sarmoyaviy bloklarda geologik qidiruv ishlarini olib borish borasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama etdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar Hamkorlik bitimi va Maxfiylik shartnomasini imzolash borasida qaror qabul qildilar.
Mazkur hujjatlarga ko‘ra, 4 oy mobaynida tomonlar O‘zbekiston sarmoyaviy bloklari to‘g‘risida axborot almashib, uni zamonaviy dasturiy ta’minot mahsulotlari yordamida o‘rganib chiqadilar va ONGC Videsh Limited kompaniyasi tajribasi bilan batafsil tanishib, hamkorlik bo‘yicha aniq takliflarni birgalikda ishlab chiqadilar.
Ta’kidlash joiz, 1965-yilda tashkil etilgan ONGC Videsh Limited kompaniyasi Hindistonning Milliy neft va tabiiy gaz korporatsiyasiga qarashli sho‘’ba kompaniya va chet el bo‘limi hisoblanadi.
ONGC mamlakatning yirik transmilliy kompaniyasi bo‘lib, Hindiston neft va tabiiy gaz vazirligi orqali davlat tomonidan nazorat qilinadi. U mamlakatning eng yirik neft va gaz qidiruv kompaniyasidir. Kompaniya Hindiston xom neftining taxminan 72 foizini va tabiiy gazining 62 foizini ishlab chiqaradi.
2017 yil yakuniga ko‘ra, kompaniyaning sof daromadi 2,8 milliard dollarini tashkil etgan.
ONGC Videsh Limited kompaniyasi qator xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlash tajribasiga ega, ular orasida Schlumberger, Halliburton, Petrobras, Norsk, ENI va Shell.