TOShKENT, 8 okt - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev prezident Emmanuel Makronning taklifiga binoan 8-oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Fransiyaga keldi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
“Orli” xalqaro aeroportida O‘zbekiston delegatsiyasi tantanali kutib olindi.
Bugun O‘zbekiston rahbari BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti Bosh direktori Odri Azule va Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe, shuningdek, Fransiyaning eng yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashadi.
Tashrifning asosiy tadbirlari 9-oktabrga belgilangan.
Muzokaralar kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va moliyaviy sohalardagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish, turli tarmoqlarda investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashuvlarni faollashtirish masalalari o‘rin olgan.
Uchrashuvlar yakunida hukumatlararo va idoralararo 10 dan ortiq hujjat, jumladan, iqtisodiyot, moliya, transport, turizm, ekologiya, madaniyat va san’at sohalarida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.