TOShKENT, 6 okt - Sputnik. Endilikda O‘zbekistonda haftaning har juma kunida "Toshshahartransxizmat" jamiyati va uning tarkibidagi korxonalarda xizmat mashinalaridan foydalanish ta’qiqlanadi.
Ushbu mazmundagi buyruq "Toshshahartransxizmat" AJ tomonidan qabul qilindi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Yangi qoidaga ko‘ra, barcha rahbarlar va boshqa xodimlar juma kunlari jamoat transportida ishga keladilar. Shuningdek, rahbarlar vaziyatga qarab boshqa kunlarda ham erta tongdan avtobusda yurib, transport xizmati sifatiga yo‘lovchi nazari bilan e’tibor qaratishlari ta’kidlanmoqda.
"Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad har bir rahbar oddiy yo‘lovchi sifatida avtobusda kechadigan jarayonlarni bevosita kuzatsin, u yerdagi muammolarni yurakdan his etsin. Shu asnoda ishga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirib, o‘z-o‘ziga bo‘lgan talabchanlik hamda mas’uliyatni yana oshirishsin", - deyiladi xabarda.
Tizim rahbariyati, bu jarayonda haydovchi va chiptachilarning maxsus kiyimdaligiga, tashqi ko‘rinishi sanitariya va gigiyena talablariga mosligiga, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan muomala madaniyati, yo‘l harakati qoidlariga amal qilinishi, oraliq bekatlarda ortiqcha turib qolish kabi qator masalalar ustidan nazorat olib boradilar.
Aniqlangan kamchilik va maummolardan kelib chiqib zarur chora-tadbirlar belgilanadi.