TOShKENT, 6 okt - Sputnik. "GM Uzbekistan" Namangandagi dilerlik korxonasida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida, korxona raisi ishdan olindi.
Sobiq rahbar o‘rniga Zoxid Kamalov tayinlandi. Kamalov avval Rossiyaning "Armada" xolding kompaniyasi bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan, deb xabar qildi kompaniya matbuot-xizmati.
Ta’kidlanishicha, Namangan "Avtotexxizmat" MChJ dilerlik korxonasiga avtomobil savdosi bo‘yicha ko‘chma tekshiruv amalga oshirilgan va mazkur tekshiruv chog‘ida dilerlik korxonasi tomonidan mijozlar bilan ishlashda qo‘pol qoidabuzarlik va xatolarga yo‘l qo‘yilganligi oydinlashgan.
Xususan, avtomobillar savdosidagi tizimli ishlarni tashkil etish, o‘tkazilayotgan aksiyalarni shartlariga qat’iy rioya qilish, mijozlarga o‘z vaqtida tegishli ravishda ma’lumotlar taqdim etib borish, mijozlar uchun qulay sharoitlar mavjud emasligi, xodimlarning ishlarida korrupsiyaga yo‘l qo‘yish holatlari mavjudligi, shuningdek call-markaz ishida ham doimiy uzilishlar aniqlangan.
Bundan tashqari avtosalon omborxonalarida sotib bo‘lingan avtomobillarning mavjudligi, shunigdek mijozlar ishtirokisiz imzolangan bir qator shartnomalar mavjudligi fosh bo‘lgan.
Tekshiruvlar davomida aniqlangan barcha hujjatlar ekspertiza uchun Namangan viloyati huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan, deyiladi xabarda.