TOShKENT, 5 okt - Sputnik. Rossiya Federatsiyasi subyekti bo‘lgan 1-3 oktabr kunlari o‘tkazilgan xalqaro musobaqada O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga vazirlik matbuot-xizmati.
"Rossiya Federatsiyasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning do‘stona armiyalari o‘rtasida tog‘ uchkurashi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Uch kun davom etgan bahslarda O‘zbekiston jamoasi munosib ishtirok etib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi", - dedi matbuot-xizmati vakili.
Bugun, 5-oktabr kuni erta tongda Toshkent xalqaro aeroportida ishtirokchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgan.
Musobaqa Rossiya Mudofaa vazirligi tog‘ tayyorgarligi va yashovchanlik markazi bazasida – Yevropa qit’asining eng baland nuqtasi – Elbrus cho‘qqisi yonbag‘irlarida tashkil etilgan. Yakka va jamoaviy tartibda toshli qoyaga chiqish, tog‘ to‘siqlari yo‘lagidan oshib o‘tish va jangovar holatda 5 kilometr masofaga marsh yugurib, o‘qotar qurollardan otish kabi maxsus murakkab shartlardan iborat.
Musobaqada birinchi o‘rinni Rossiya Federatsiyasi va uchinchi o‘rinni Qozog‘iston Respublikasi vakillari egalladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyidan sentabr oyiga qadar MDHga a’zo davlatlar do‘stona armiyalari doirasida harbiy-amaliy sportning 7 ta turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Sentabr oyida o‘tkazilgan "Armiya qo‘l jangi" yo‘nalishi bo‘yicha chempionat birinchi marotaba Toshkentda o‘tkazildi va unda o‘zbekistonlik harbiy sportchilar umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.