TOShKENT, 3 okt - Sputnik. 3-oktabr kuni bo‘lgan Xalqaro press-klub sessiyasida “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev elektr energiya va gaz sohasidagi kamchiliklarni tanqid ostiga oldi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar qildi.
“Juda katta e’tiroz bor: mana, faxriylar menga aytishayapti, “O‘zbekenergo"ning ichidagi o‘g‘rilarni tugatdingizmi, qachon tugatasiz. Masalan, Toshkentda 1300 ta transformatorni sotib yuborgan sizning rahbarlaringiz. 1300 ta, har bir tumandan o‘rtacha 120−130 ta transformator. Bularning oldi 50 ming, 1000−1600 deganlari 10−15 ming dollar turadi. Qayoqqa sotildi? Chunki bizda keyingi paytda xususiy korxonalar paydo bo‘ldi, g‘isht zavodi, sut zavodi, issiqxonalar… Bularning barchasiga transformator kerak. Siz esa “kapeyka"ni to‘g‘rilaylik deb chaqirayapsiz”, - deya murojaat qildi Ubaydullayev “O‘zbekenergo” rahbariyatiga.
Sharof Ubaydullayev hukumat va prezident haqiqatni ochiq aytish masalasini ilgari surayotganini, keyingi vaqtlarda juda ko‘p vazirlar o‘zgargani, o‘zgarayotgani, biroq natija bo‘lmayotganini ta’kidlab o‘tdi.
“Birgina Toshkent shahrida 1300 ta transformator sotib yuborilsa, buni nazorat qiladigan prokurorlar yo‘qmi, sizning ishtirokingiz yo‘qmi? Siz 500 so‘m-1000 so‘m to‘lay olmagan faxriylar, nogironlarning ortidan quvib yuribsiz, bizda ro‘yxatlari ham bor. Siz nogironlarga boshqacharoq qarang. To‘lov imkoniyatlari juda kulgili. Qayerga to‘lashini bilmaydi, ilgari mayli, elektr yomon, gaz yomon deymiz, uyga kelib olardi (to‘lovlarni). Hozir sizning xo‘-o‘ idoralaringizni qidirib borishi kerak. Lekin pulga, to‘lovga kelsa, elektr o‘chib qolayapti, anavi kamchilik bo‘layapti, desa sizning pagonlilaringiz nima deydi, bilasizmi? “Bizning bunga aloqamiz yo‘q, ta’minot energiyada, biz faqat pul olishni bilamiz, deydi. Buni bitta qo‘lga berish kerak: yo siz rahbarlik qiling, yoki ta’minot bilan birga”, — dedi “Nuroniy” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari.
“Gaz, elektr ichkarisidagi o‘g‘rilar tugatilmas ekan, xalqdan olinayotgan “kapeyka” bilan bu sohani to‘g‘rilay olmaysiz. Ichkarida tartib o‘rnating, xalq siz bilan hamkor bo‘lsin. Mana — faxriylar doimo sizning quvvatingiz bo‘ladi. Prezident qo‘yayotgan masalalarni faqatgina xalqning yelkasiga osmang, o‘g‘rilarni tugating, o‘g‘rilarga bosh bo‘lmang!”, — deb qo‘shimcha qildi Sharof Ubaydullayev.