TOShKENT, 1 okt – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi Hindiston milliy qahramoni Mahatma Gandi xotirasiga hurmat bajo keltirishdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, delegatsiya a’zolari Nyu-Dehli shahridagi “Raj Gxat” yodgorligiga tashrif buyurib, Mahatma Gandi xotirasiga yoqilgan mangu olov yoniga gulchambar qo‘ydi. Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirishdi.
Mahatma Gandi (1869 – 1948) – Hindiston xalqini Britaniya koloniyasidan ozod qilish uchun kurashga boshchilik qilgan siyosiy va jamoat arbobi. Mahatma - "Buyuk ko‘ngil" yoki "Buyuk dil" ma’nosini anglatadi.
Gandi Hindiston mustaqilligi uchun kurashda kuch ishlatmasdan, zo‘ravonlik va qurbonlarsiz g‘alabaga erishga muvaffaq bo‘lgan milliy qahramondir.
Xususan, Gandi chaqirig‘iga binoan hindistonliklar, qurolli qarshilik ko‘rsatmasdan, Britaniya mahsulotlarini sotib olishdan, britaniyaliklar chiqargan qonunlarga bo‘y so‘nishdan bosh tortishgan va oxir oqibat Britaniya kolonizatorlari Hindistonni tark etishga majbur bo‘lgan.
Mahatma Gandining o‘limi oldidan o‘z nabirasiga bergan “Dunyoning yetti gunohi” ro‘yxati quyidagilardan iborat:
- Nuqtayi nazarsiz siyosat
- Mehnatsiz boylik
- Vijdonsiz lazzat
- Irodasiz bilim
- Axloqsiz tijorat
- Muruvvatsiz fan
- Qurbonliksiz ibodat