TOShKENT, 1 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi doirasida 20 ta hujjat imzolandi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Respublikasi bosh vaziri Narendra Modining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.
Tashrif doirasida ilmiy-texnik hamkorlik, qishloq xo‘jaligi, turizm, harbiy ta’lim, adliya, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani, farmatsevtika, kosmosni tinch maqsadlarda tadqiq etish va boshqa sohalarga doir 20 ta hujjat imzolandi.
Shuningdek, Andijon viloyati va Gujarat shtati, Samarqand shahri va Agra shaharlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, erkin farmatsevtika zonasini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazilgan brifingda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Hindiston bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratishi, amaliy ruhda o‘tgan muzokaralar tomonlarning o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlaganini ta’kidladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga kelishib olingani qayd etildi.