TOShKENT, 29 sen - Sputnik. O‘zbekiston O‘rta Osiyoda ta’lim xabiga aylanishi kerak, ta’limni isloh qilish konsepsiyasi mohiyati shundan iborat, dedi Sputnik muxbiriga O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduxakimov.
"Ta’lim xabi bu nima degani? O‘zbekiston faqat o‘zidagi yoshlarga ta’lim xizmatini ko‘rsatish bilan cheklanib qolmay, kerak bo‘lsa, regionda eng kuchli oliy ta’lim dargohlari paydo bo‘lishi va chet eldagilar kelib aynan shu yerda tahsil olishlari kerak", - deya izoh beradi Abduxakimov.
"Bu ham daromad nuqtayi nazaridan hamda kelajakda boshqa davlatlarda O‘zbekistonga xayrixoh bo‘lgan yoshlar nuqtayi-nazaridan bizni manfaatlarimizga to‘g‘ri keladi", - ta’kidlaydi u va chet mamlakatlarda o‘zbek diasporalari ham borligini, O‘zbekiston ularga ham oliy ta’lim berishi kerakligini qo‘shimcha qiladi.
"Boshqa davlatlarda bunday amaliyot bor. Misol uchun, Rossiyani oladigan bo‘lsak, yiliga qancha yoshlarni o‘qishga taklif etadi. Nega biz qilmaymiz shu ishni? Albatta, qilishimiz kerak. Mana misol uchun, O‘zbekiston Surxondaryoda o‘z budjetidan Afg‘onistonlik yoshlar uchun o‘qishga imkoniyat yaratgan ekan, bu loyihani nega xab sifatida rivojlantirmasligimiz kerak?", - deydi suhbatdosh.
O‘zbekiston buning uchun yirik donor-davlatlar: Yaponiya, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar grantlarini olib, respublika janubida bir nechta oliy ta’lim maskanlarini tashkil etishi va afg‘on fuqarolariga oliy ta’lim berish imkoniyatlarini kengaytirmog‘i lozim, deya o‘z fikrini davom ettiradi Abduxakimov.
"Afg‘onistonlik yoshlar ma’lum bir kasb-ko‘nikmalarga ega bo‘lsa, ertaga ular tog‘da avtomatlar bilan yugurmaydi, balki davolaydi, bolalarga bilim beradi, o‘qituvchi bo‘ladi", - deydi u va O‘zbekistonda bunday ulkan ishlarni amalga oshirish uchun imkoniyat borligini qo‘shimcha qildi.
Abduxakimovga ko‘ra, O‘zbekiston ayni vaqtda oliy ta’lim tizimida raqobatbardosh muhit yuzaga kelishi uchun ulkan ishlar ustida ishlamoqda, xorijdan malakali mutaxassislar jalb qilingan va yaqin kelajakda respublika oliy ta’lim tizimida "ulkan ishlar" amalga oshirilishi, yangi qaror loyihasi chiqishi kutilmoqda.