TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Il-20 razvedkachi samolyoti halokatida Isroil havo harbiy kuchlari aybdor deb bayonot berdi Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov.
Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Isroilning F-16 qiruvchi samolyotlari, Suriya zenit raketalaridan qochish maqsadida, Xmeymim aerodromiga qo‘nish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan Il-20 samolyoti orqasiga ataylab yashiringan.
“Keltirilgan obyektiv ma’lumotlar, Rossiyaning 15 nafar harbiy xizmatchilari Isroil uchuvchilarining uquvsizligi (professional emasligi) yoki jinoyat darajasidagi ma’suliyatsizligi oqibatida qurbon bo‘lganidan dalolat beradi” – deyilgan Rossiya MV xabarida.
Eng katta xato
Eng katta xatoga esa Isroil harbiy qo‘mondonligi yo‘l qo‘ygan. Ular Rossiya va Isroil orasida mavjud shartnomaga amal qilmagan holda, uyushtirilayotgan havo hujumi haqida juda kech va chalg‘ituvchi xabar yuborishgan. Buning oqibatida Rossiya harbiy kuchlari aynan o‘sha damda osmonda bo‘lgan razvedka samolyotini jangovar harakatlar zonasida olib chiqishga ulgurmay qolgan.
17 sentabr kuni Isroil havo kuchlarining to‘rtta F-16 samolyoti Suriya hududiga zarba berish uchun uchib chiqqan. Isroil qo‘mondonligi soat 21:39da Rossiya harbiy kuchlarini Suriya shimolidagi sanoat korxonalariga zarba berilishi haqida ogohlantiradi. Oradan bir daqiqa o‘tib, soat 21:40da Suriya g‘arbida joylashgan Latakiya shahriga zarbalar berila boshlanadi.
Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra Rossiya va Isroil orasida 2015-yilda imzolangan shartnoma mavjud. Unga asosan ikkala tomon, tasodifiy harbiy to‘qnashuvlar oldini olish maqsadida, bir-birini oldindan ogohlantirishi kerak.
Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida Rossiya Isroil tomoniga 300 dan ortiq ogohlantirishlar yuborgan. Isroil bo‘lsa 25 marotaba ogohlantish yuborgan va ularning aksariyati aynan zarba berish vaqtida yuborilgan.
Undan tashqari Rossiya shu vaqtga qadar Suriya hududida Isroil manfaatlariga foyda keltiradigan muhim ishlarni amalga oshirgani qayd etib o‘tildi. Xususan, Eronning zenit raketalari va og‘ir artilleriyasi Golan tepaliklaridan Isroil uchun xavfsiz bo‘lgan masofaga olib chiqarildi. Undan tashqari harbiy yo‘nailishda foydalanish mumkin bo‘lgan mahsulotlarni Isroil iltimosiga binoan Eronga yetkazib berish to‘xtatildi.
Brifingda keltirilgan barcha ma’lumotlar bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin.