TOShKENT, 22 sen - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi 2030-yilga kelib, Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-sentabr kuni 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Farmonni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi va O‘zbekistonni 2030-yilgacha innovatsion rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish Strategiyaning bosh maqsadi etib belgilandi.
Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalaridan biri O‘zbekistonni 2030-yilga borib, Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kiritishdan iborat.
O‘zbekistonning Innovatsion rivojlantirish vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Davlat statistikasi qo‘mitasi va boshqa idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston har yili Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi uchun xalqaro tashkilotlarga zarur ma’lumotlar va ko‘rsatkichlarni muntazam yuborilishini ta’minlab boradi.
Shuningdek, 2019-2021 yillarda O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida komissiya ham tuzildi.
Komissiya strategiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini nazorat qiladi. Ushbu farmon ijrosining borishi to‘g‘risidagi batafsil axborotni har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Global innovatsion reyting mamlakatlarning innovatsion rivojlanishi va muvaffaqiyatlarini hisoblab boradi. So‘nggi yillarda nufuzli va obro‘li xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovatsion indeks reytingida O‘zbekiston ishtirok etmayapti.