TOShKENT, 20 sen - Sputnik. 2018 yilning 16-sentabrida Arnasoy tuman prokurorining o‘rinbosari Dilshod Karimov avtomashina boshqaruvini yo‘qotishi natijasida yo‘lakda harakatlanayotgan G. Egamberdiyevani urib yuborgan va jabrlanuvchi vafot etgan, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga Bosh prokuratura matbuot-xizmati vakili.
Ilgariroq, xorijiy OAVlarda prokuror yordamchisi "poyga o‘ynashi" oqibatida fuqaroni urib ketganligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ushbu xabarlarni rad etgan holda, mazkur hodisa qanday yuz berganligi xususida axborot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Karimovga tegishli avtomashinaning ortidan harakatlanib kelgan "Daimler Benz 210 SPG" rusumli avtomashina haydovchisi yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, uni quvib o‘tib, keskin tormoz bergan va uni to‘xtatishga harakat qilgan holda Karimovni yo‘lda harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan.
Natijada prokuror yordamchisi boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lning chap tomonida joylashgan uylarning yo‘lagiga chiqib ketgan hamda yo‘lakda harakatlanib kelayotgan piyoda G. Egamberdiyevani urib yuborgan.
Fuqaro olgan tan jaroxatlari natijasida RShTOIMning Jizzax filialida vafot etgan.
Karimov bosh miya chayqalishi, peshona sohasi tirnalgan tan jarohati va o‘ng yelka chiqishi" tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan 2018-yil 16-sentabrda JKning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston Bosh pokuraturasi tez orada ushbu hodisa yuzasidan to‘liq ma’lumot berishini ma’lum qildi.