TOShKENT, 19 sen – Sputnik. Ushbu kunlarda, Toshkent shahar hokimligi va Toshkent ShIIBB YHXB vakillaridan iborat delegatsiya yo‘l-transport infrastrukturasi sohasida tajriba o‘rganish maqsadida Moskva shahrida bo‘lib turibdi, deb xabar qilmoqda hokimiyat matbuot xizmati.
Moskva tashqi iqtisodiy va xalqaro aloqalar departamentida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda poytaxt hokimligi va Moskva meriyasi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasidagi masalalar muhokama qilindi.
Moskva hukumati barcha yo‘nalishlar, jumladan, moliyalashtirish bo‘yicha ham hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Shuningdek, shahar yo‘lovchi transportini rivojlantirish, avtobuslar yetkazib berish, yo‘l-transport infrastrukturasi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Moskva shahridagi yo‘l harakatini tashkil etish markazi faoliyati bilan tanishdi. 1999-yilda tashkil etilgan ushbu markaz Rossiya poytaxtidagi transportlar bilan bog‘liq holatni yaxshilash bo‘yicha MDHdagi eng namunali tashkilotlardan hisoblanadi.
Delegatsiya shuningdek, Moskvadagi qator transport tashkilotlari vakillari bilan ham uchrashishni rejalashtirgan.