Dunyoning eng rivojlangan davlatlaridagi ta’lim standartlarini o‘zida mujassam etgan Toshkentdagi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti yangicha imidji, ish uslubidan tashqari, o‘z madhiyasi, bayrog‘i (!) va kinoteatriga ega.
O‘zbek jurnalistikasiga yangi yo‘nalish belgilab berilgan kun
Esingizda bo‘lsa, joriy yil may oyining 25 sanasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan va sal o‘tib, ushbu ta’lim dargohi rektori etib XPK raisi Sherzod Qudratxodjayev tayinlangani haqida ma’lum bo‘lgan edi.
Oltinchi avgust kuni universitetning ochilish marosimi oldidan jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi va rektor Sherzod Qudraxodjayevning shaxsan o‘zi universitetdagi qurilish ishlaridan tortib o‘quv xonalardagi shart-sharoitlar, universitet maqsad va vazifalari hamda xalqaro aloqalar, kelajakagi rejalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Universitet kampusi
Jurnalistika universiteti Toshkent shahri S-5 dahasidagi sobiq Dizayn kolleji binosida joy oldi. Ammo ta’lim dargohi binosida O‘zbekistondagi barcha kasb-hunar kollejlariga xos "sariqlik"dan asar ham qolmagan.
Bo‘lg‘usi jurnalistlar uchun o‘rnatilgan turniketdan iskariga qadam qo‘yishingiz bilan landshaft dizaynidan tortib, har bir installyatsiya o‘z joyini egallagan ko‘rkam "shaharcha" hayotiga sho‘ng‘iysiz. Va bu hudud endilikda universitet hovlisi emas, balki zamonaviy tilda - kampus deya nomlanadi.
Jurnalist xalqi ijodkorligi, kreativligi bilan ajralib turadi. Universitet kampusidagi muhitda ham ana shu kreativlik aks etgan. Kiraverishingizda chap tomonda talabalarga ular ilm dargohiga kelganlarini eslatuvchi Qadimgi Yunon ilm dargohini ifodalovchi ramziy tasvir o‘rin olgan bo‘lsa, o‘ng tomonda kub bilan o‘ralgan oltin patqalam joylashgan "Labirint" Open Air zonasi va yo‘lak oxirida (to‘g‘rida) o‘ymakor yog‘ochdan yasalgan sharqona uslubdagi "Suhbat" Open Air zonasi joylashgan.
Ijodiy muhitga yanada go‘zallik baxsh etish maqsadida, universitet ma’muriyati tomonidan yo‘lakning ikki tomoniga atirgullar, yashil maydonchalar bo‘ylab Italiyadan keltirilgan kameliyalar, Polshadan keltirilgan Hindiston sireni va boshqa dekorativ daraxtlar ekilgan.
Open Air zonalari bu nima?
Universitet kampusi hududida 3ta Open Air zonalari bo‘lib, yuqorida ikkitasining nomlari sanab o‘tildi. Labirint Open Air zonasi - bu zonaning markazida kub bilan o‘ralgan, oltin rang patqalam joylashgan va u to‘rtinchi hokimiyat darajasida qo‘llab-quvvatlanayotganini bildiradi. Atrofidagi labirint esa jurnalistning hayot va ijoddagi mashaqqatli yo‘lini ifodalaydi.
Bundan tashqari, universitet hayoti kun davomida davom etadi. Talabalar 2 smenada o‘qishadi, lekin shunga qaramay, ular bevosita, o‘quv jarayonidan tashqari, ijodlarini aynan shu hududlarda amalga oshirishlari mumkin. "To‘g‘ri, kampusimiz unchalik katta emas, lekin ijod nuqtayi nazaridan yetarli hudud ajratilgan", - deb ta’kidlaydi Muratova.
Qizil g‘ishtlar falsafasi
Universitetning asosiy binosi qurilishida qizil g‘ishtlardan foydalangan. Bunga izoh berar ekan, universitet rektori Sherzod Qudratxodjayev dunyoning ko‘plab davlatlarida oliy o‘quv yurtlari binolari qizil g‘ishtdan qurilganini, bu rangdagi g‘ishtlardan asosan ilm-fan dargohlari, san’at, madaniyat inshootlarini qurishda foydalanishini ta’kidladi.
Qo‘shimcha tarzida aytish mumkinki, "qizil g‘ishtli universitetlar" Angliyada eng obro‘li olti universitetlar guruhini anglatuvchi norasmiy atama sifatida ham qo‘llaniladi.
Xalqaro Press klub rahbari nega MIBdan qo‘rqadi?
Albatta, universitet bo‘ylab tur gapga chechan Sherzod Qudratxodjayevning hazillarisiz kechmadi. Universitet qad rostlashni boshlagan kundan tinimsiz mehnatda bo‘lgan Qudratxodjayev ishni suv chiqarishdan boshlashganini aytdi.
"Talabalarimizni pirojki bilan boqmaymiz"
Universitet kampusi hududida, shuningdek mo‘’jazgina qizil rangdagi kafeynya ham bor.
"Kafeteriyda talabalar uchun qanaqadir pirojkilar emas, balki mazali kruassanlar va juda ajoyib qahva tayyorlashadi. Shuningdek, universitet hududida Wi-Fi ishlab turadi", - deb tanishtirishni davom etadi Qudratxodjayev.
Doskasi yo‘q auditoriyalar...
Darvoqe, rektorning so‘zlariga ko‘ra, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yangi universitetda zamonaviy axborot texnologiyalarining barcha turlari bo‘ladi va shu bois, ma’muriyat auditoriya tushunchasidan imkon boricha uzoqlashmoqda.
Leksiyalar o‘tiladigan xonalarga kirishimiz bilan Qudratxodjayev "Bizda qora doskalar yo‘q, e’tibor bergan bo‘lsalaring", dedi. Darvoqe, har bir o‘quv auditoriyasida monitor va proyektor o‘rnatilgan bo‘lib, talabalar bajarilgan vazifalarni mittigina fleshkaga yuklab kelib javob berishlari ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, har bir o‘quv xonasida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, leksiyalar muntazam nazorat ostida bo‘ladi.
Bayroqdor universitet
O‘zbekistondagi hech qaysi universitetning bayrog‘i yo‘q. "To‘rtinchi hokimiyat"ning malakali mutaxassislarini tarbiyalashni o‘z oldiga vazifa qilib olgan jurnalistika universiteti esa ushbu yangilikni kiritishga ulgurdi. Universitet bayrog‘i buyuk sohibkiron Amir Temur bayrog‘ining rangida, ya’ni ko‘k rangda.
Universitet shuningdek o‘z kutubxonasi, "Yoshlar ittifoqi" xonasi, kattagina sport zali, strategiya xonasi, universitet mobil muzeyiga ega.
Kelajakda talabalar mehmonxonasi qurilishi mumkin
Ha, ajablanmang, rektor Qudratxodjayevning rejalari ulkan.
Ulardan biri yaqin yillarda o‘z mehmonxona majmuasiga ega 7 qavatli inshootni qad rostlashdir. "Men oyiga 60 ming so‘m to‘lanadigan talabalar yotoqxonasi qurilishiga qarshiman. Talabalarimizning aksariyati poytaxtga o‘qishga kelganlarida 200 dollardan to‘lab kvartiralarni ijaraga olishadi. O‘sha pulning teng yarmini to‘lashsa, ular uchun alohida bir kishilik barcha sharoiti mujassam yevropacha uslubda xonalarni hozirlab berishga tayyormiz. Mehmonxonaning birinchi qavatida universitetga jalb qilingan professorlar yashashadi. Aminmanki, bu loyiha ko‘pchilikka ma’qul keladi", - dedi Qudratxodjayev.
Bu yo‘nalishda esa ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Jumladan, universitet M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti qoshidagi Jurnalistika instituti, Turkiyaning Anqara, Istanbul, G‘ozi, Hojitepa, Ibn Xaldun universitetlari bilan ilmiy va o‘quv ishlari bo‘yicha aloqalar o‘rnatgan.