TOShKENT, 10 sen — Sputnik. “General Motors” kompaniyasining modellar qatorini yangilash borasidagi global strategiyasiga muvofiq, “Chevrolet Captiva” avtomobilini “GM Uzbekistan” AJ ishlab chiqarish quvvatlarida yig‘ish yakunlanadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya xabarida aytilishicha, shu munosabat bilan ushbu modeldagi avtomobillarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarga arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bugundan to‘xtatiladi.
“GM Uzbekistan” AJ dilerlik korxonalari bilan birgalikda “Chevrolet Captiva” rusumidagi avtomobillarga tuzilgan shartnomalar uchun iste’molchilar oldida o‘zining majburiyatlarini yil oxirigacha to‘liq yetkazib berilishini ta’minlaydi.
“Chevrolet Captiva” avtomobili O‘zbekiston bozoriga kirib kelganiga roppa-rosa 11-yil to‘ldi. Ilk bor Captiva avtomobilini O‘zbekistonda yirik tarmoqli yig‘ish 2007-yilning oktabr oyidan boshlangan. 2011-yilning sentabr va 2017-yilning fevral oylarida avtomobilning yangilangan modeli chiqarilgan.