TOShKENT, 4 sen – Sputnik. Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tayotgan Ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida O‘zbekiston ilk medallarni qo‘lga kiritdi, deb xabar qilmoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.
Musobaqaning birinchi kunida O‘zbekiston sportchilari alish (Qirg‘iziston kurashi), Armrestling sport turlari bo‘yicha bahslarda ishtirok etishgan. Armrestling bo‘yicha chap qo‘l bahslarida 18 davlatdan tashrif buyurgan 72 nafar ishtirokchilar orasida yurtdoshlarimiz Dmitriy Dokuchayev (75 kg), Qudratillo Niyazi (95 kg), Firdavs Gafurov (105 kg) lar musobaqaning bronza medalini qo‘lga kiritishdi, - deyilgan xabarda.
Ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlari bu yil Qirg‘izistonda uchinchi bor o‘tkazilmoqda. Ilk bor ushbu xalqaro musobaqa 2014-yilda, keyin 2016 o‘tkazilgan edi. 2018-yilning 2-8 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan III Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida 66 mamlakatdan jami 1556 nafar sportchilar ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston sportchilari Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida ilk bor ishtirok etmoqda. Milliy sport jamoasi 54 sportchidan iborat bo‘lib ular sportning 13 turidagi bellashuvlarda ishtirok etishadi. Ular orasida kurashning turli etnik uslublari, lochin ovi, tayganlar yugurishi va boshqalar bor.