TOShKENT, 4 sen — Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Namangan viloyatida 28-avgustiga o‘tar kechasi xorijiy davlatga katta miqdorda noqonuniy valyuta olib chiqib ketishni to‘xtatishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazishdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida lavha ko‘rsatildi.
Yangiqo‘rg‘on tumani, Gaznon mahallasining chegaradosh hududida Cobalt va Lacetti avtomobillariga yuklangan yirik miqdordagi chet el valyutani Qirg‘izistonga olib o‘tishni rejalashtirgan 3 kishidan iborat guruh qo‘lga olindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘xtatib qolingan xorijiy valyutaning umumiy miqdori 5,3 million dollarini tashkil etdi. Bu pullar Toshkent va Qo‘qon shaharlari hamda Namangan viloyatida ish olib boruvchi xufiyona iqtisodiyot vakillariga tegishli bo‘lgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati tergov bo‘limi tomonidan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.