TOShKENT, 30 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev taniqli tadbirkor Alisher Usmonovni “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotladi, deb xabar qilmoqda O‘zA.
“O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, mamlakatimizda yirik investitsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlariga qo‘shgan katta hissasi, xalqimizning milliy qadriyati va boy tarixiy yodgorliklarini qayta tiklash va asrab-avaylash maqsadida O‘zbekistonda diniy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni barpo etish borasidagi faol ishtiroki, Vataniga yoshlar uchun o‘rnak bo‘ladigan darajadagi samimiy muhabbati hamda respublikamizda turizm salohiyatini va sport sohasini rivojlantirishdagi hamkorligi uchun taniqli hamurtimiz, Rossiyaning «USM Holding» aksiyadorlik jamiyati ta’sischisi va rahbari Usmanov Alisher Burxanovich «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlansin”, - deyilgan prezidenti farmonida.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov bir yil oldin “O‘zbekistonga qo‘limdan kelganicha yordam beraman” deb aytgan edi va haqiatdan ham ayni damda bir necha yirik loyihalarga sarmoya kiritmoqda. Ular orasida “Paxtakor” futbol klubi fondiga, Islom madaniyati markazi qurilishiga, Namangan va Buxoro sayyohlik majmualari va boshqalar bor.