TOShKENT, 29 avg – Sputnik. Shavkat Mirziyoyevning Bekobod shahriga bo‘lgan tashrifi davomida “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJda yangi sex ishga tushirildi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
29 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexini ishga tushirish marosimida korxona ishchilari, soha mutasaddilari, xorijlik investorlar ishtirok etdi.
Yangi sex Janubiy Koreyaning “Posco Daewoo” kompaniyasi ishtirokida qurilgan bo‘lib, u qiymati 60 million dollar bo‘lgan, zamonaviy, energiya tejovchi va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan.
Yangi sex yiliga jami 25 ming tonna ferrosilitsiy va ferrosilikomarganes qotishmalari ishlab chiqaradi. Bu metall mahsulotlar tayyorlaydigan tarmoqlar talabini to‘liq qondirish bilan birga, yiliga o‘rtacha 8 ming tonna ferroqotishmani eksport qilish va 12 million dollar miqdoridagi valyuta tushumini ta’minlash, importni qisqartirish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, ushbu yangi sexga o‘quv yurtlarini bitirayotgan va zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan 330 nafar yigit-qiz ishga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 18-avgust kuni “O‘zbekiston metallurgiya kombinati”» AJga ilk bor tashrif buyurgan edi. O‘shanda korxonaning ishlab chiqarish quvvati va moliyaviy-iqtisodiy holatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlarini belgilab berilgan edi.