TOShKENT, 25 avg - Sputnik. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Akademiyasining "Telegram"dagi @Qurolli_Kuchlar_Akademiyasi_bot nomli rasmiy kanali ishga tushdi. Endi fuqarolar o‘z murojatlarini ushbu manzilga yuborishi mumkin, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Shuningdek, Qurolli Kuchlari Akademiyasi rasmiy sayti ham ishga tushirilgan.
Veb-sayt Qurolli Kuchlar Akademiyasi faoliyati ochiqligini ta’minlab, ta’lim muassasa hayotiga bog‘liq tadbirlar va hodisalarni tezkorlik bilan yoritish, shuningdek, jamoatchilik bilan aloqalarni yaxshilashga xizmat qiladi.
Saytda akademiya rahbariyati, uning tuzilmasi va tarixi haqidagi axborotlar, bo‘sh ish o‘rinlari, harbiy-ilmiy ishlar haqida batafsil ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.
Ayni vaqtda sayt sinov rejimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Qurolli Kuchlar akademiyasiga ekskursiya uyushtirishni istagan o‘quvchi yoshlar guruhlari uchun ham yangi imkoniyat paydo bo‘ldi. Endi tashrif buyuruvchilarning arizalari "Telegram" kanali hamda saytdagi elektron manzillar orqali qabul qilinadi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan yillar davomida eng yopiq deb hisoblanib kelgan Mudofaa vazirligi 2017-yilda mudofaa.uz rasmiy veb-saytini, 2018-yilda esa "Telegram"da t.me/mudofaa_press kanali hamda ommabop ijtimoiy tarmoq hisoblangan "Facebook"da "Mudofaa_Press" rasmiy akkauntini ishga tushirgan.