Tandir tayyorlashda, birinchi navbatda soz tuproq kerak. Ya’ni tarkibida sho‘r va ortiqcha zararli moddalari bo‘lmagan tuproq. Tuproqdan loy tayyorlanib, unga yaxshilab ishlov berib pishiriladi.
Tandir yasash uch bosqichda bo‘lib o‘tadi. Avval eni 40 sm bo‘lgan pastki qatlamiga yumaloq shakl beriladi. U biroz qotganidan keyin ustiga ikkinchi qatlam o‘rnatiladi. U ham qotganidan keyin tandirning og‘iz qismi (Gardishi) yasaladi. Bularning hammasi qo‘l mehnati bilan qilinadi.
Ob havo yaxshi bo‘lsa tandir 3-4 kunda quriydi.
Tandirchilik bizga ota-bobomizdan qolgan kasb. Men uchinchi avlod tandirchiman. O‘g‘lim to‘rtinchi avlod tandirchi bo‘ladi. Tandirchilik sulolamiz davom etadi deb umid qilaman.