TOShKENT, 13 avg - Sputnik. Samarqand viloyati hokimligi ma’muriyati kadrlar zaxirasini tanlov asosida shakllantirishga qaror qildi, bu haqda hokimlikning Feysbukdagi sahifasida ma’lum qilinadi.
"Tanlovda chet tillarni puxta biladigan, bugungi islohotlar mazmun-mohiyatini to‘g‘ri tushunib yetgan, boshqaruv va tashkilotchilik sohasida tajriba orttirgan, eng muhimi, tashabbuskor fuqarolar qatnashishlari mumkin", - deyiladi postda.
Nomzodlarning yoshi 25-50 da etib belgilangan.
Shuningdek, nomzodning mutaxassisligi, ish tajribasi lavozimlarga qo‘yilgan talablarga muvofiq bo‘lishi lozim.
Nomzod tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatiga ishchanlik va shaxsiy fazilatlarini tasdiqlovchi hujjatlar (ma’lumotnoma, tavsifnoma, fikrnoma, tanlov g‘oliblarining mukofotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar) ham kiritilgan.
Tanlov avgust-sentabr oylarida o‘tkazib boriladi.
Tanlovda ishtirok etishni xohlovchilar payshanba, juma va shanba kunlari soat 10-00 dan 12-00 gacha Samarqand viloyat hokimligiga (Ko‘ksaroy maydoni, 1-uy) murojaat qilishlari mumkin.