TOShKENT, 10 avg — Sputnik. "Tolibon" radikal harakati jangarilari Afg‘onistonning markaziy qismidagi G‘azni shahriga hujumga o‘tishdi, deb xabar qilmoqda TOLO News telekanali o‘zining regiondagi manbalariga tayangan holda.
Toliblar bayonotida aytilishcha, ularning otradlari bir necha yo‘nalishdan G‘azni shahriga kirishga harakat qilmoqda.
Qobul-G‘azni avtomagistrali hukumat kuchlari va jangarilar o‘rtasida kechayotgan ayovsiz janglar munosabati bilan harakat uchun to‘sib qo‘yilgan, deb ta’kidlamoqda manbalar.
"Agar bizga qo‘shimcha kuch yuborishmasa, toliblar G‘aznini bosib oladi", - deb aytgan telekanalga G‘azni provinsiyasi kengashi raisi Xamidulla Navroziy.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda "Tolibon" radikal harakati jangarilari va hukumat kuchlari o‘rtasida keskin kurash olib borilmoqda. Avvaliga mamlakat tumanlaridagi qishloqlar hududlarini bosib olgan toliblar endilikda yirik shaharlarga hujumga o‘tgan.
Shuningdek, Afg‘oniston hududida "Islom davlati" terrorchilik guruhi ta’siri kuchaygan. Afg‘oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari tomonidan butun mamlakat bo‘ylab terrorizmga qarshi hamkorlikdagi operatsiyalar o‘tkazib kelinmoqda.