TOShKENT, 10 avg - Sputnik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha departament xodimlari Samarqand viloyatida oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida abituriyentlarga yordam berishga uringan bir guruh shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi axborot-tahlil multimedia markazi ma’lum qildi.
Guruh a’zolaridan biri abituriyentni Samarqand arxitektura va qurilish institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming dollar olayotganida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olinadi. Shundan so‘ng tezkor tadbir o‘tkazilib, guruhning joylashgan manzili aniqlandi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh Samarqand chet tillar instituti talabasi A.A. tomonidan shakllantirilgan. Guruhning har bir a’zosiga vazifalar taqsimlab berilgan bo‘lib, biri test savollarini yechib beradigan yigit-qizlarni topgan, yana biri esa puli ko‘p abituriyentlarni izlash bilan shug‘ullangan.
“Bunker”larning vaqtinchalik xonadonlari ko‘zdan kechirilganida ko‘plab fuqarolik pasportlari va ularning nusxalari, abituriyentlar ruxsatnomalarining asl nusxalari, davlat test markazining ruxsatnomalari va boshqa hujjatlar topilgan.
A.A. va guruhning boshqa a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirish orqali ancha miqdorda firibgarlik qilish), 28-moddasi (jinoyatda ishtirok etish) va 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.