TOShKENT, 8 avg — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Ravshan Ayubovich G‘ulomov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z lavozimini tark etgan. Prezident 7-avgustda G‘ulomovni lavozimdan ozod etish bo‘yicha farmoni imzolangan. Bu haqda ushbu qo‘mita axborot xizmati xabar qildi.
Ravshan G‘ulomov 2017-yil aprelidan beri Davlat raqobat qo‘mitasiga rahbarlik qilib kelayotgandi.
Shuningdek, u turli yillarda Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari (2001-2004), O‘zbekiston Milliy banki raisi birinchi o‘rinbosari va “Asaka” bank raisi (2004-2007), Moliya vaziri birinchi o‘rinbosari (2009-2010), Iqtisodiyot vaziri (2010-2012), Tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo va investitsiya vaziri birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori bo‘lib ishlagan.