TOShKENT, 8 avg - Sputnik. Moskva merligiga nomzod, LDPR deputati Mixail Degtarev saylovlarda g‘alaba qozongudek bo‘lsa, mehnat migrantlari uchun o‘z vatanlarida ish o‘rinlarini yaratishga va’da berdi.
"Men Osiyo, Markaziy Osiyo, Armanistondagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiruvchi fermalar bilan kelgusi yili moskvaliklar kafolatli ravishda oziq-ovqat mahsulotlari sotib olishlari uchun qat’iy shartnomalar tuzaman. Mer sifatida sizlarga o‘z vatanlaringizda ish o‘rni yaratishga kafolat beraman – moskvaliklar uchun foydali bo‘lgan barcha narsa: mevalar, sabzavotlar, go‘sht mahsulotlarini sotib olamiz. Moskva har yili shu darajada ko‘p oziq-ovqat sotib oladiki, bu Markaziy Osiyodagi respublikalar, Moldaviya, Armanistondagi barcha qishloq xo‘jaliklarini to‘xtovsiz ishlashi uchun yetadi", - Degtarev mehnat migrantlari bilan uchrashuvda.
U shuningdek, Moskva hisobiga ularning yurtlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni poytaxtga jo‘natish uchun logistika markazlari qurish mo‘ljallanganligini bildirdi. Nomzod Rossiya poytaxti yuqori malakali mehnat migrantlariga muhtoj ekanligini ta’kidladi.
"Biz Markaziy Osiyo respublikalari, Moldaviya, Ukraina va boshqa davlatlardan kelganlarning farzandlarini o‘qitishga tayyormiz. Mehnat migrantlari, yuqori malakali mutaxassislar Moskvaga zarur…" – dedi u.
Hozirda poytaxt merligiga nomzod sifatida besh kishi ro‘yxatga olingan – ular amaldagi mer Sergey Sobanin, Taganskiy okrugi rahbari Ilya Sviridov, davlat dumasi deputati Mixail Degtarev, davlat dumasining sobiq deputati Vadim Kumin hamda SU-155 egasi Mixail Balakin.