TOShKENT, 7 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston Senati shifokorlar haq-huquqlarini qonunan himoyalashni rejalashtirmoqda, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev ma’lum qildi.
Senat vakilining so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita tomonidan tibbiyot xodimlarini ijtimoiy va huquqiy muhofaza qilishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazilib, unda jumladan, tibbiyot xodimlariga belgilangan meyordan ortiq vazifalarning yuklanishi, tibbiyot muassasalarida ish joylarning qisqartirilishi, shifokorlarning tibbiy mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan turli mavsumiy ishlarga jalb etilishi, tibbiyot xodimlarining bemor va uning qarindoshlari tomonidan haqorat qilinishi, jismoniy kuch ishlatilishi, ruhiy ta’sir qilinishi holatlari muhokama qilingan.
"2017 yil va joriy yilning birinchi choragida bemorlar tomonidan shifokorlarning davolash natijalaridan asossiz norozilik bildirib, ularga nisbatan shaxsiy adovati oqibatida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 30ga yaqin holatda Toshkent pediatriya meditsina instituti 3 nafar tibbiyot xodimiga nisbatan jismonan va ma’naviy zarar yetkazilgan", - deb ta’kidladi Nizamxodjayev hamda mazkur holatlar bo‘yicha qo‘mita Sog‘liqni saqlash vazirligi va Vazirlar mahkamasiga taklif kiritilgani va bu masalalar yaqin vaqtda hal etilishini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 6-avgust kuni Farg‘onada kaltaklangan shifokor voqeasiga rasmiy munosabat bildirib, ayni paytda har bir tibbiyot xodimining haq-huquqlarini himoya qilish, munosib rag‘batlantirishni kuchaytirish borasida huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish yuzasidan izchil sa’y-harakatlar olib borilayotgani haqida ma’lum qilgan edi.