Ichki ishlar xodimlari bilan mojaro chiqarganlarning barchasi mast holda bo‘lgan – Toshkent ShIIB

© Sputnik / StringerMilitsiya
Militsiya - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Uchala huquqbuzarga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzildi.

 

TOShKENT, 4 avg – Sputnik. Toshkent shahar IIBB xodimlarining ikki yigit va bir nafar qizni tartibga chaqirib, ulardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini ko‘rsatishini va ichki ishlar bo‘limiga borishini so‘rab murojaat qilgani tasvirlangani tarqalgan videolavha bo‘yicha bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2018-yilning 5-iyulidan 6-iyuliga o‘tar kechasi, soat taxminan tungi 3:30da 26 yoshli B.Artom, 21 yoshli F.Nikita hamda 23 yoshli S.Aleksandralar mast holda Yunusobod tumanining Istiqlol ko‘chasi avtomobil qatnov yo‘lidan yurib, transportlar qatnoviga xalal berishgan, odamlar orom olayotgan vaqtda shovqin ko‘tarib, jamoat tartibini buzganlar.

Militsiya - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentda ichki ishlar xodimlari va bir guruh yoshlar o‘rtasida mojaro yuzaga keldi

Voqea joyiga yetib kelgan patrul-post xizmati xodimlari yoshlarni qatnov qismini tark etib, trotuardan yurishga chaqirishgan. Biroq ular xodimlarning talabini bajarishdan bosh tortishgan, shuningdek shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishni ham istashmagan. Ulardan ikki nafari hujjatlari yonida emasligini aytgan bo‘lsa, Artom pasportini huquq posbonlarining qo‘liga bermagan.

“Shundan so‘ng, ulardan xodimlar bilan birga ichki ishlar bo‘limiga borishlari so‘raldi. Biroq, qoidabuzarlar qonun himoyachilarining qonuniy talablarini rad etishdi. Qolaversa, axloq-odob chegarasidan o‘tib, o‘zlarini tuta bilishmadi”, deyiladi bayonotda.

Shunga ko‘ra, uchala huquqbuzarga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzildi. O‘z navbatida, Yunusobod tuman ma’muriy sudi B.Artomni O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasiga (“Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) muvofiq aybdor deb topib, unga nisbatan jarima belgilash haqida qaror qabul qildi. Qolgan ikki nafar huquqbuzarlarga esa ogohlantirish berildi.

 

 

Yangiliklar lentasi
0