TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Argentinalik futbol mutaxassisi Ektor Kuper rasman O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlandi, deb xabar qildi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mamlakat bosh jamoasini ishonib topshirish mumkin bo‘lgan mutaxassis bilan va nihoyat muzokaralarni yakunladi. O‘FA rasmiylari shartnoma imzolash mumkin bo‘lgan 10 dan ziyod nomzodlar orasidan argentinalik Ektor Kuper variantida to‘xtaldi.
Mamlakat milliy terma jamoasining taklifini qabul qilgan Kuper 6-avgustda Milliy olimpiya qo‘mitasining anjumanlar zalida soat 15:00 da futbol muxlislariga tanishtiriladi. Shundan so‘ng u bilan matbuot anjumani tashkil etiladi. Anjumanda barcha turdagi OAV ishtirok etishi mumkin.
Ma’lumot uchun Ektor Kuperning so‘nggi jamoasi Misr terma jamoasi edi. Bunga qadar argentinalik murabbiy Argentinaning "Urakan", "Lanus", Ispaniyaning "Malorka", "Valensiya", "Real Betis", "Rasing", Italiyaning "Inter", "Parma", Turkiyaning "O‘rduspor", Gretsiyaning "Aris", BAAning "Al-Vasl" klublarida, Gruziya (2008-2009) terma jamoasida ham faoliyat olib borgan.