TOShKENT, 2 avg – Sputnik. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti O‘zbekiston rahbarining o‘zaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
U bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, uni asosiy tarmoqlardagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning strategiyalarini ishlab chiqish, korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, hududlarni kompleks rivojlantirish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga xususiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan yangi dastur va loyihalar bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Suma Chakrabarti O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida hamda iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, mamlakatning barqaror rivojlanishi, aholi turmush darajasi va sifati oshishi, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan islohotlar va o‘zgarishlarni yuqori baholadi.
U Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki respublikada amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
2017 yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan buyon bank tomonidan O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun umumiy qiymati 190 million dollardan ortiq kredit liniyalari ajratildi.
Bugungi kunda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va uy-joy qurilishi, energetika tarmog‘i va kommunal xo‘jalik obyektlarini modernizatsiya qilish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqilmoqda. Shundan umumiy qiymati 600 million dollargacha bo‘lgan loyihalarni yaqin oylarda ma’qullash rejalashtirilgan.
Joriy yil sentabr oyida qabul qilinishi rejalashtirilgan YeTTBning O‘zbekiston bilan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish yakuniga yetmoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan yil noyabr oyida Toshkent shahrida bank vakolatxonasi o‘z faoliyatini qayta tikladi, mamlakat hududlarida uning filiallarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonda energetika sektorini isloh qilish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ustida birgalikda ish olib borilmoqda.