TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. "Mening fikrim" jamoaviy murojaatlar portaliga ichimlik suvini asrash bo‘yicha murojaat joylashtirildi.
Murojaat mualifi ichimlik suvining narxini tabiiy gazdan ham qimmatroq qilib qo‘yishni taklif qilgan.
“Pulini to‘layapmanku deb xohlaganicha isrof qilayotganlarni yoz kunlari haddan ziyod ko‘p ko‘rapmiz. Ayniqsa, hovlilarda yashovchi fuqarolar ichimlik suvini shunchaki ko‘chaga sepib, hamma yerni salqinlashtirish evaziga juda ko‘p miqdordagi toza ichimlik suvini uvol qilmoqda. Oxirgi ko‘rsatgichlarga qarab hisoblasak, ichimlik suvi uchun eng arzon narx 1 m3 = 345 so‘m bo‘lsa, shu narxni bir necha barobargacha, 1 m3 uchun 2000 so‘mgacha yoki undanda qimmatroq qilsak, balki aholimiz ichimlik suvini uvol qilishmasmidi”, - deyilgan murojaatda.
Ilgariroq BMTning suv va sanitariya haqida umumiy hisobotida jahonda 2,1 milliard kishi xavfsiz ichimlik suvi ta’minotidagi qiyinchiliklarga duch kelganligi haqida xabar berilgandi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 70 foiz ichimlik suv qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi.
"O‘tgan asr davomida dunyo 70 foiz tabiiy suv havzalarini yo‘qotdi. Suv bilan bog‘liq ekotizimni saqlab qolish va tiklash ijtimoiy farovonlik va iqtisodiy o‘sish uchun juda muhimdir", — deyilgan hisobotda.