TOShKENT, 27-iyul – Sputnik. 27-iyuldan 28-iyulga o‘tar kechasi o‘zbekistonliklar to‘liq Oy tutilishi hodisasiga guvoh bo‘lishadi. Yuz yilda bir marta sodir bo‘ladigan bu noyob hodisani butun O‘zbekiston hududida kuzatish mumkin bo‘ladi.
Yer Quyosh va Oy orasidan o‘tadi va tabiiy yo‘ldoshini soyasi bilan to‘sadi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti xodimlarining ma’lumot berishicha, Oy tutilishi Toshkent vaqti bilan soat 23:24da boshlanadi. Quyosh tutilishidan farqli o‘laroq, Oy tutilishi paytida u to‘liq holda ko‘rinib turadi. Soya Oyga tushishi chog‘ida u qizil-jigarrang tusga kiradi, deb xabar bermoqda “Darakchi”.
Yer yo‘ldoshi 28-iyul kuni soat 3dan 19 daqiqa o‘tganida soya ostidan to‘liq chiqadi. Noyob tabiat hodisasini qurollanmagan ko‘z bilan ham ko‘rish mumkin, ammo astronomlar yanada yorqin taassurotga ega bo‘lish uchun durbin va teleskoplardan foydalanishni maslahat berishmoqda.