TOShKENT, 26-iyul - Sputnik. V2018 yilning birinchi yarim yilligida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 119 823 ta ish ko‘rib chiqildi va 168 mlrd. so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 165 864 ta sud buyrug‘i chiqarildi.
"Ko‘rib chiqilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha 102 930 ta hal qiluv qarorlari chiqarildi. Ushbu qarorlar bo‘yicha talablarning 83 % dan ortig‘i qanoatlantirildi", - deyiladi Oliy sud matbuot xizmati xabarida.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini nikohdan ajratish, qarz va kredit va shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar va alohida tartibda yuritilgan ishlar tashkil etdi.
Bunda 42 532 ta fuqarolik ishi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida o‘rganilgan 525 ta ish bo‘yicha protestlar qanoatlantirildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 462 ta qaror bekor qilindi va 40 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.