O‘zbekiston musulmonlari idorasi imom-xatiblarning ishdan bo‘shash sabablarini ma’lum qildi

© muslim.uzPrazdnichnaya molitva v sobornoy mecheti "Xazrati Imam"
Prazdnichnaya molitva v sobornoy mecheti Xazrati Imam - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Sirdaryo viloyatida 3 nafar diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan kishi imomlik qilayotgani, 4 ta masjidda imom-xatib vazifasi vakantligi, FHDYo organidan ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarga nikoh o‘qish kuzatilgani, ajrimlar soni ortgani va ayrim imomlar namozxonlarga qo‘pol muomalada bo‘layotgani aniqlangan.

TOShKENT, 25-iyul – Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy xatlar orqali ayrim imom-xatiblarning ishdan bo‘shash sabablarini so‘rab ko‘plab murojaatlar kelib tushayotganini ma’lum qildi va bu savollarga oydinlik kiritdi.

Idoraning ma’lum qilishicha, ayrim imom-xatiblardagi o‘zibo‘larchilikka berilish, loqaydlikka yo‘l qo‘yish va sustkashlik qilish kabi holatlar ko‘pchilikning dilini xira qilmoqda.

“Tan olish kerak, Islom dini ma’rifatini keng targ‘ib etish, xalqimizning talab-istaklarini qondirish va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish ishiga barcha imom-xatiblar birdek yondoshmayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Hukumatimiz diniy soha rivoji uchun bir qator shart-sharoitlarni muhayyo etib bermoqdaki, bir vaqtlar xayol ham qilib bo‘lmaydigan ishlar bugun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. Lekin mana shunday qulaylik va yengilliklarga zid ravishda ayrim masjidlardagi noxush manzaralar va imom-xatiblar faoliyatidagi nuqsonlar ko‘ngilni ranjitmoqda. Ba’zi masjidlarning qarovsizligi, ayrim imom-domlalarning beparvoligi yuqoridagi mulohazalarni tasdiqlaydi”, - deyiladi idora bayonotida.

Idoraning ma’lum qilishicha, Sirdaryo viloyatida 3 nafar diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan kishi imomlik qilayotgani, 4 ta masjidda imom-xatib vazifasi vakantligi, FHDYo organidan ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslarga nikoh o‘qish kuzatilgani, ajrimlar soni ortgani va ayrim imomlar namozxonlarga qo‘pol muomalada bo‘layotgani aniqlangan. Shuning uchun Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Mo‘minjon domla Usmonov egallab turgan vazifasidan ozod etilgan.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi tayinlandi

Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Odilxon qori Ismoilov ham masjid tartib-intizomiga rioya etmagani, kundalik namozlarda muntazam bo‘lmagani, tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatish kabi nuqsonlar hamda bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli ishdan olingan.

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani bosh imom-xatibi Hasanboy Ashurov ham topshiriqlarni paysalga solishi, itoatsizligi va muomala madaniyati imomlikka noloyiq bo‘lgani uchun ishdan ketdi. Shuningdek, Samarqand tumanidagi “Imomi A’zam” jome masjidi imom-xatibi Abdurahim Po‘latov kabi imom-xatiblar ham mana shunday xato-kamchiliklar tufayli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

“Aslida imom-domlalarning ishdan bo‘shash sabablarini shunday ochiqlashni istamagan edik. Lekin internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi ochiqdan-ochiq so‘rovlar, murojaatlar mana shunday qilishga majbur etdi. Xulosa, mo‘min-musulmonlar tomonidan imom-xatiblarga berilgan ishonchni oqlash vojib. Buning uchun zimmadagi mas’uliyatni bajarish, vazifani ado qilish zarur. Bu yo‘lda tinimsiz mehnat, itoat va kasb-mahoratni oshirib borish talab etiladi”, - deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi bayonotida.

Yangiliklar lentasi
0