TOShKENT, 24-iyul – Sputnik. Hozirda oliy va boshqa darajalardagi bo‘lajak O‘zbekiston-Eron uchrashuvlarining aniq muddati belgilanmagan hamda O‘zbekiston va Eron rasmiy vakillari ularning sanasi va kun tartibini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.
Avvalroq qator xorijiy va milliy nashrlarda O‘zbekiston va Eron o‘rtasida oliy darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi haqida xabarlar tarqalgandi.
“Shu bilan birga, informatsion manbalarning axborot makonidagi tezkor ishlashga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlagan holda, shuni ta’kidlamoqchimizki, elektron matbuotning ayrim vakillari boshqa OAVlari, jumladan xorijiy OAVlari yangiliklarining ishonchliligini tegishli tekshiruvlarsiz tarqatish orqali ko‘p hollarda o‘z o‘quvchilarining yanglishishlariga sabab bo‘ladilar”, - deyiladi xabarda.
TIVning bildirishicha, bunda ular o‘z noprofessionalliklarini va yetarlicha ma’lumotga ega emasliklarini shaxsiy fikrni bildirish erkinligi bilan yashirishga urinishadi.
“Erkinlik mas’uliyatsizlik degani emasdir”, - deyiladi TIV bayonotida.